O‘zbekiston nashriyoti
Nashriyot
O‘zbekiston nashriyoti

«O‘ZBEKISTON» nashriyoti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi «Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PQ-4640-son qaroriga asosan «Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi» hamda «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti» davlat korxonalarini qo‘shib olish orqali Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimida tashkil etilgan.
Bugungi kunda «O‘zbekiston nashriyoti» davlat unitar korxonasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi yagona davlat nashriyoti hisoblanadi.

AMALGA OSHIRILGAN LOYIHALAR

100 jilddan iborat «Turkiy adabiyot durdonalari» asarlar majmuasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 15-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonlari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi.

Ushbu ezgu tashabbus asosida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda mana shu muhtasham adabiy majmua yaratildi.

Mazkur keng ko‘lamli, zalvorli badiiy silsilaga umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.

Turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan ushbu yirik loyiha ona yurtimizda madaniyat va san’atga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning so‘z san’atiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromining ramzidir.

16 jilddan iborat «Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari» asarlar majmuasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020-yil 2-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida 16 jilddan iborat “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari” asarlar majmuasini o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi.

Davlatimiz rahbarining qoraqalpoq milliy adabiyotini yanada rivojlantirish va keng targ‘ib etishga qaratgan g‘amxo‘rligi sharofati bilan amalga oshirilgan ushbu yirik loyiha Qoraqalpog‘istonda olib borilayotgan tub islohotlarning badiiy adabiyotdagi yuksak namunasi sanaladi.

Ilk bora bunday yirik hajmda nashr etilgan “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari” 16 jildlik kitoblar mujmasi mamlakatimiz madaniyati va adabiyoti tarixida ulkan voqea hisoblanadi hamda Yangi O‘zbekistonda o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

«O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida» turkumidagi kitob-albomlar

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba mislsiz yo‘qotishlar va behisob qurbonlar evaziga qo‘lga kiritilgani barchaga yaxshi ayon. O‘zbek xalqi ham urushning achchiq azoblarini boshidan kechirdi. Yurtimizdan safarbar etilgan jangchilar urushning qaynoq nuqtalarida, turli hududlar mudofaasida qatnashib, ayozsiz zarbalarga duch keldi.

Safarbarlikning dastlabki vaqtlarida askarlarning son jihatdan keskin oshishi kiyim va qurol ta’minotida jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Ularning yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmasdan jangga kiritilishi esa, qanchadan qancha askarlarning bevaqt halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Kitob-albomning “Mangu jasorat namoyoni” nomli bo‘limida urushdan qaytmagan yurtdoshlarimiz haqidagi xotiralar o‘rin olgan. O‘ylaymizki, qahramon ajdodlarimizning jasoratiga bag‘ishlangan maqolalar hech kimni befarq qoldirmaydi.
100 jilddan iborat
«Kitobxon bolalar» loyihasi

Mazkur turkumdan O'zbek bolalar adabiyotining turli yillarda yaratilgan eng sara namunalari o‘rin olgan. Loyiha doirasidagi har bir asar kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarni, xususan bolalar va o‘smirlarni vatanparvarlik, Ona tabiatni sevish va asrab-avaylash, do‘stlik, mehr-oqibat, qadimiy va boy tariximizga hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalab, ularning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.